← Barcha loyihalar
AI ilovaTelegram botWeb saytAdmin panelUI/UXBackend

Favzon: atir savdosi uchun raqamli platforma

Toʻrt mahsulotdan iborat platforma: AI maslahatchili mobil ilova, buyurtmani oʻzi rasmiylashtiradigan Telegram bot, favzon.uz onlayn vitrinasi va doʻkon jamoasi uchun boshqaruv paneli. Hammasi bitta backend'ga ulangan.

Mijoz
VOSIQ (oʻz mahsulotimiz)
Soha
Onlayn savdo: atirlar
Yil
2026 · sayt ishga tushgan
Platformalar
Mobil, Telegram, Web
Favzon: atir savdosi uchun raqamli platforma: asosiy ekran

Mahsulot tarkibi

Favzon haqida

Favzon — studiyamizning oʻz mahsuloti: atir savdosi uchun raqamli platforma. U ikki muammodan boshlangan. Birinchisi — tanlash: hidni ekrandan his qilib boʻlmaydi, xaridor esa notalar bilan emas, “yozga yengil”, “sovgʻaga” yoki “kechki uchrashuvga” kabi oddiy soʻzlar bilan izlaydi. Ikkinchisi — buyurtma: xaridor doʻkon bilan Telegram'da yozishadi, menejer esa telefon, manzil va toʻlov chekini har safar qoʻlda soʻraydi.

Platforma toʻrt mahsulotdan iborat. Har biri oʻz vazifasini bajaradi, lekin hammasi bitta katalog, bitta buyurtmalar bazasi va bitta mijozlar roʻyxati bilan ishlaydi. Gʻoya, interfeys dizayni va hamma qismlarning kodi bizniki.

Cheklovlar

  • AI faqat doʻkonda bor atirlarni tavsiya qilishi shart: mavjud boʻlmagan nom, narx yoki notani oʻylab topishi mumkin emas.
  • Xaridorlar oʻzbekcha yozadi, jumladan shevada, kirill yozuvida va xato bilan ham.
  • Har bir AI javobning narxi nazorat ostida boʻlishi kerak: suhbatlar koʻpaysa, xarajat ham oshadi.
  • Menejerlar ikki joyda ishlaydi, Telegram guruhda va boshqaruv panelida: buyurtma holati ikkalasida bir xil boʻlishi kerak.
  • Savat saytdan botga Telegram havolasi orqali oʻtadi, havola esa 64 belgidan oshmasligi kerak.

Favzon AI

iOS va Android uchun mobil ilova. U doʻkondagi tajribali maslahatchini telefonga olib kiradi: xaridor oʻz soʻzlari bilan yozadi, AI kerak boʻlsa aniqlashtiradi va katalogdan 2–3 ta mos atirni sababi bilan koʻrsatadi.

Imkoniyatlar

  • AI suhbat: moslik foizi, reyting, narx va savatga qoʻshish tugmasi bilan atir kartochkalari.
  • Katalog: kategoriyalar, qidiruv va filtrlar; har bir atirda hid piramidasi, turish vaqti va shleyf.
  • Zavodlar: atir qaysi zavodda yaratilgani, zavod haqida maʼlumot va uning atirlari.
  • Naborlar: tayyor toʻplamlar va xaridorning oʻzi yigʻadigan nabor.
  • Savat, xaritada manzil tanlash va buyurtma holati haqida push-bildirishnoma.
  • Uch til, yorugʻ va qorongʻi mavzu.

Texnik yechimlar

  • Qidiruv vektor asosida, tanlovni AI qiladi. Soʻrov maʼnosi boʻyicha bazadan qidiriladi va qayta saralanadi. Model natijalardan 2–3 tasini tanlab, har biriga bir jumlalik sabab yozadi. Server model qaytargan har bir atirni qidiruv natijasi bilan solishtiradi: roʻyxatda yoʻq atir kartochkaga chiqmaydi.
  • Noaniq soʻrovga avval savol. “Onamga atir kerak” kabi soʻrovda AI ikki savol beradi: kimga va qaysi mavsum uchun. Javoblar tugma bilan tanlanadi, savol bir suhbatda bir marta beriladi.
  • Javob oqim bilan keladi. Matn soʻzma-soʻz chiqadi, qidiruv paytida “Atirlarni qidiryapman…” holati koʻrinadi.
  • Model provayderi almashtiriladi. Standart holatda arzonroq model ishlaydi; u javob bermasa, soʻrov bir marta boshqa provayderga oʻtadi.
  • Parolsiz kirish. Telefon raqami va bir martalik kod, kod Telegram orqali keladi.
  • Serversiz demo rejim. Har bir funksiyaning mock maʼlumot manbai bor: dizayn va sinov server bilan parallel yuradi.
  • Liquid Glass Android'da ham. Shisha effekti kutubxonasi loyiha ichiga olinib, Android'dagi qirra buzilishi tuzatildi.

Favzon Bot

Telegram bot buyurtmani mijoz bilan yozishib oʻzi rasmiylashtiradi. Menejerga toʻlovni tekshirish, joʻnatish va savollarga javob berish qoladi.

Mijoz uchun

  • Saytdan kelgan mijozda bot savat bilan ochiladi: atir, hajm va narx tayyor turadi.
  • Telefon bitta tugma bilan yuboriladi, viloyat tugmalardan tanlanadi, manzil matn yoki lokatsiya bilan beriladi.
  • Tasdiqdan keyin bot toʻlov chekini qabul qiladi. Keyingi holatlar — toʻlov tasdiqlandi, yoʻlga chiqdi, trek raqami, yetkazildi — shu botda keladi.
  • Atir nomini yozsa, bot hajm va narxlarni koʻrsatadi; koʻp beriladigan savollarga oʻzi javob beradi.
  • Menyuda katalog, savat, buyurtmalar tarixi va menejer bilan bogʻlanish bor. Bot oʻzbek, rus va ingliz tillarida ishlaydi.

Menejerlar uchun

  • Hamma buyurtmalar bitta Telegram guruhga kartochka boʻlib tushadi: atirlar, summa, mijoz, manzil va xaritadagi nuqta.
  • Kartochka ostida “Toʻlandi”, “Yuborildi”, “Yetkazildi” va “Bekor qilish” tugmalari turadi, kim bosgani kartochkada koʻrinadi.
  • Mijozga javob berish uchun uning xabariga reply qilinadi, bot javobni mijozga yetkazadi.
  • Yangiliklar: admin botga post yuboradi, bot uni barcha obunachilarga tarqatadi.

Texnik yechimlar

  • Savat havolaning ichida. Har atir va hajm qisqa kod bilan yoziladi, shuning uchun 10 tagacha atir 64 belgilik havolaga sigʻadi. Bot savatni katalogdan tiklaydi va narxni saytdan oladi.
  • Lokatsiyadan manzil. Bot koordinatani manzilga aylantiradi, masalan tuman, koʻcha va uy. Xarita xizmatiga faqat koordinata boradi, ism va telefon bormaydi.
  • Xatoga chidamli qidiruv. Atir nomi kirillcha yoki 1–2 harf xato bilan yozilsa ham topiladi.
  • Bir buyurtma — bir holat. Ikki menejer bir vaqtda tugma bossa ham holat bir marta oʻzgaradi.

Favzon Website

favzon.uz — Favzon'ning onlayn vitrinasi. Saytda login va toʻlov yoʻq: xaridor atirni tanlaydi, buyurtma esa Telegram'da rasmiylashadi.

Imkoniyatlar

  • Katalog: nom va nota boʻyicha qidiruv; jins, mavsum, hid oilasi, nota, hajm va narx boʻyicha filtrlar.
  • Naborlar va har bir atirning alohida sahifasi: notalar, hajmlar va narxlar.
  • “Atir tanlash” testi: bir nechta savoldan keyin katalogdan 3 ta mos atir.
  • Sharhlar, videolar, savol-javob, yetkazish va toʻlov shartlari.
  • “Buyurtma berish”: oddiy brauzerda menejer chati tayyor xabar bilan ochiladi, Telegram ichida esa Favzon Bot savat bilan ochiladi. Har buyurtmaga #FZ bilan boshlanadigan kod beriladi.
  • Uch til, yorugʻ va qorongʻi mavzu.

Texnik yechimlar

  • Tez sahifalar. Sahifalar oldindan tayyorlanib, keshda turadi. Admin panelda narx yoki matn oʻzgarsa, backend saytga faqat oʻsha qismni yangilash signalini yuboradi.
  • Gibrid tavsiya. Atir tanlash testi saytdagi atirlarni maʼno yaqinligi (embedding) va oddiy qoidalar boʻyicha baholaydi. Embedding xizmati javob bermasa, qoidalar oʻzi ishlaydi.
  • Spamsiz sharhlar. Sharh roʻyxatdan oʻtmasdan yoziladi, Cloudflare Turnstile spamdan himoya qiladi, sharh esa admin tasdiqlagandan keyin chiqadi.
  • SEO va analitika. Har til uchun alohida sahifalar, sitemap, ijtimoiy tarmoqlar uchun preview rasmlari; GA4, Yandex Metrica, Meta Pixel va UTM belgilari.

Favzon Admin

Doʻkon jamoasi uchun boshqaruv paneli va CRM. Qolgan uchta mahsulot koʻrsatadigan hamma maʼlumot shu yerda boshqariladi.

Boʻlimlar

  • Dashboard: bugungi buyurtmalar va daromad, daromad grafigi, holatlar boʻyicha buyurtmalar va tugayotgan qoldiq.
  • Katalog: atirlar, brendlar, zavodlar, notalar, kategoriyalar va naborlar.
  • Buyurtmalar: hamma kanaldan — Telegram, Instagram, telefon, sayt, ilova va oflayn savdo.
  • Mijozlar: telefon, manzil, izoh va xaridlar tarixi bilan mijoz kartasi.
  • Sayt kontenti: bosh sahifa, mijozlar fikri, videolar va sharhlarni tasdiqlash.
  • Bildirishnomalar, tahlil, CSV import va foydalanuvchilar huquqlari.

Texnik yechimlar

  • Aniq holatlar. Buyurtma Kutilmoqda, Tasdiqlangan, Yetkazilmoqda, Yetkazildi yoki Bekor qilindi holatida boʻladi. Adashib bosilgan holatni qaytarish mumkin, bekor qilingan buyurtma qayta ochilsa ombor qayta tekshiriladi.
  • Favzon Bot bilan ikki tomonlama sinxron. Guruhda bosilgan tugma paneldagi holatni oʻzgartiradi. Panelda holat oʻzgarsa, guruhdagi kartochka yangilanadi va mijozga oʻz tilida xabar boradi. Panelga yozib boʻlmasa, buyurtma botda saqlanadi va bot keyinroq qayta urinadi.
  • Xavfsiz kirish. Email va parol bilan kiriladi, tokenlar brauzer skriptlari oʻqiy olmaydigan cookie'da saqlanadi, soʻrovlar backend'ga panelning oʻz serveri orqali boradi.

Mahsulotlar qanday bogʻlangan

  • Bitta backend. Node.js va PostgreSQL: katalog, buyurtmalar va mijozlar bitta bazada, rasmlar Cloudflare R2'da.
  • Bitta buyurtma yoʻli. Xaridor Favzon Website'da tanlaydi, Favzon Bot'da rasmiylashtiradi, menejer guruhda tasdiqlaydi, buyurtma Favzon Admin'da saqlanadi. Har bosqichda mijozga oʻz tilida xabar boradi.
  • Bitta katalog. Admin panelda narx oʻzgarsa, sayt yangilanadi va bot yangi narxni oladi.
  • Bitta mijoz. Botdan kelgan mijoz telefon, Telegram chati yoki username boʻyicha mavjud mijoz kartasiga bogʻlanadi.

Hozirgi holat

  • Favzon Website ishga tushgan: favzon.uz.
  • Favzon Bot va Favzon Admin qurilgan.
  • Favzon AI ishlab chiqilmoqda.

Sayt skrinshotlari favzon.uz'dan olingan. Favzon Admin skrinshotlari demo maʼlumotli test bazasidan: mijozlar, buyurtmalar va atir nomlari namunaviy. Favzon Bot ekranlari — botning haqiqiy matnlari asosida chizilgan maket. Ilova skrinshotlari demo rejimdan. Rasmlar Unsplash'dan.

Keyingi loyihaTravelOS: sayohat agentliklari uchun CRM va turlar marketplace'i

Shunga oʻxshash mahsulot kerakmi?

Qisqa suhbatda gʻoyangizni muhokama qilamiz va keyingi qadamni aytamiz.